Yoshlar — kelajagimiz tayanchi, mamlakat taraqqiyoti va rivojida hal qiluvchi kuch sifatida alohida e’tibor talab etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish hamda hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu doirada Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joylarda yoshlar bilan yaqin muloqotda bo‘lish, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish va zarur yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Buxoro tumanida joylashgan "Gulshanobod" mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, ta’lim va bandlik masalalari o‘rganilib, aniqlangan muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
O‘tkazilgan uchrashuvlar davomida yoshlar o‘z muammolarini ochiq bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ularni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda maslahat va amaliy yordamlar berilayotir.
Shuningdek, boshqarma tomonidan mahallada sport va madaniy tadbirlar tashkil etish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida ham faoliyat olib borilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar yoshlar o‘rtasida ishonchni oshirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirokchiga aylantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

