Yangiliklar

22 Fevral 2023

Mahalla raisi islohotchi

...2005-2019-yillarda Jondor tumanidagi 34-umumta’lim maktabi direktorining o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, 2019-2021 yillarda 32-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, 2021-2022-yillarda 42-umumta’lim maktabi direktori...

Bu Jondor tumanidagi “Namgoni” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahronjon Yusupovning tarjimai holining asosiy qaydlari.

— Mahallamizda 380 ta xonadondagi 535 ta oilada 2 mingga yaqin aholi yashaydi. Aholimiz asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shu bois yer biz uchun juda zarur ne’mat. Davlatimiz rahbarining bevosita topshirig‘i asosida aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish amaliyoti joriy etilgani yaxshi samara berdi. Birgina o‘tgan 2022 yilda 29 gektar yer maydoni qo‘lidan ish keladigan, dehqonchilikni biladigan odamlarga ochiq auksion savdolari orqali berilib, ularning ham bandligi ta’minlandi, ham daromadi oshdi. Joriy yilda esa 21 gektar yer maydonini auksionga chiqarganmiz. Yana bitta raqamni keltirib o‘tmoqchiman: 2022 yilda mahallamizdagi ishsizlar soni 125 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 79 taga tushdi. Yil yakuniga borib mahallamiz tamoman ishsizlikdan xoli hududga aylanadi. Buning uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar mavjud, – deydi u biz bilan suhbatda.

Bahronjon Yusupov ayni fikr-mulohazalarini davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga qilgan safari davomida o‘tkazilgan uchrashuvi chog‘ida ham dadil aytib berdi. O‘z navbatida Prezidentimizning e’tirofiga ham sazovor bo‘ldi. O‘z navbatida bu jonbozlik izsiz ketmadi.

Bahronjon Yusupov mamlakatimizda boshlangan yer islohotlaridagi tashabbuskorligi, xususiylashtirish, yer munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni targ‘ib qilish, aholining elektron onlayn savdolarda ishtirok etish borasidagi savodxonligini oshirishdagi ko‘magi va faolligi uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

— Bugun xalq xizmatida bo‘lish sharafli yumush bo‘lishi bilan birga, katta mas’uliyat yuklaydi. Shu ma’noda mahalla tizimiga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, xalq roziligiga erishish — oldimizdagi muhim vazifadir. Shuni faxr bilan aytish kerakki, bu vazifani bajarishimizda xalqimizning bizga bo‘lgan ishonchi yanada kuch bag‘ishlamoqda. E’tirof esa meni yanada ruhlantirdi. Minnatdorman, – deydi Bahronjon Yusupov.

Albatta, mahalla raisi iislohotlarning faol ishtirokchisi sifatida zamon bilan hamnafas bo‘lishi, bilim va mahoratini doimiy ravishda oshirib borishi, ishsizlik va qashshoqlikni kamaytirishga yordam berishi, ijtimoiy va boshqa muammolarni hal qilishi juda muhim. Ayni shu jihatdan Bahronjon Yusupovning mahallada amalga oshirilayotgan ishlari e’tirofga munosibdir.

134 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech