Yangiliklar

05 Dekabr 2024

“E-auksionshop” elektron savdo do'konidan nimalarni sotib olish mumkin?

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.10.2023 yildagi
540-sonli qaroriga muvofiq, xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksionshop” elektron savdo do‘koni orqali sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Bundan tashqari hukumatning 526-son qaroriga muvofiq esa elektron do‘koni orqali soddalashtirilgan tartib va muddatlarda davlat daromadiga qaratilgan mol-mulklarni sotib olishingiz mumkin.

Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklari “E-auksionshop” elektron savdo do‘konida quyidagi usullarda sotiladi:

 - narxni oshirib borish tamoyili asosida;

 - eʼlon qilingan narxda sotish orqali.

Savdoda ishtirok etish uchun savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tiladi. Narxni oshirib borish usuli orqali savdolar kamida 2 ta ishtirokchi bo‘lganda o‘tkaziladi

Savdolar elektron do‘konda xabarnoma eʼlon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar o‘tkaziladi. Savdolar boshlang‘ich narxdan bir savdo qadamiga oshirilgan narxda sotib olish (ijaraga olish) taklifini tasdiqlashni so‘rashdan boshlanadi. Agar ishtirokchi savdo vaqti yakunlanishiga 10 daqiqadan kam vaqt qolganda narx tasdiqlasa, savdo oxirgi taklif tasdiqlangandan keyingi o‘n daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif savdoni o‘tkazish vaqtini o‘n daqiqadan uzaytirib boradi 10 daqiqa davomida ishtirokchilarning birontasi narx tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi.

Boshlang‘ich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi. Savdo qadamlari, birinchi to‘rtta qadamda – boshlang‘ich narxning 5 foizi miqdorida, beshinchi va undan keyingi qadamlarda – boshlang‘ich narxning 3 foizi miqdorida belgilanadi.

“E-auksionshop” elektron savdo do'koni qulayligini bildiruvchi 3 ta fakt quyidagilar:

Birinchidan, ushbu do'kondan Bojxona servis tashkiloti va Majburiy ijro byurosi tomonidan davlat daromadiga olingan maishiy texnika va boshqa tovarlarni sotib olish imkoniyati mavjud.

Ikkinchidan, do'konda istagan shaxs o'ziga tegishli mulkni bepul savdoga qo'yishi mumkin.

Uchinchidan, bu do'kon "E-auksion" platformasi bilan hamkorlikda ishlagani sababli, ikki millionga yaqin mijozlar bazasiga ega.

Ayni paytda, E-auksionshop.uz elektron savdo do'konida 1500 dan oshiq mol-mulklar savdoga qo’yilgan. Istagan shaxs savdolarda qatnashish uchun Platformadan roʻyxatdan oʻtishi va savdolarida ishtirok etishi mumkin.

"Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ

Buxoro viloyati vakili  Sulaymon Yunusov

40 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech