Buxoro shahrining qoq markazida, eng soʻlim maskan – Labi hovuz majmuasida Nasriddin Afandi sharafiga bronza haykal oʻrnatilgan. Chunki odamlar uning buxorolik boʻlganiga ishonishadi. Shu ishonch sababli u Buxoro ramzlaridan biri darajasiga koʻtarilgan.
Egnida oddiy yaktak va chopon, belida belbogʻ, boshida sallasi bor, eshak mingan holatda tasvirlangan bu haykalga hayrat bilan boqib, sharif shahar qoq oʻrtasida, bir necha madrasalar kesishgan tabarruk va markaziy hudud maydonida bunchalik oddiy koʻrinishdagi kishiga koʻrsatilgan hurmat sababini bilishga qiziquvchilar ham bor.
Javob esa bitta: ilm, maʼrifat, donishmandlik, haqiqat, adolat – har qanday boylik va dabdabadan ustun. Bu hamisha Buxoroda markaziy gʻoya boʻlib, undagi madrasalar orqali jahonga tarqatilgan. Shu gʻoya Buxoro shahrining bosh taraqqiyot yoʻlini ham belgilab bergan.
Mana shu gʻoyani ifodalashda Nasriddin Afandi ham oʻziga xos timsol hisoblanadi. Shuning uchun u oddiy kiyimda, adabiyotda ahmoqlik timsolida talqin etiluvchi eshakni hamisha jilovlab minib olgan, shu koʻrinishda dunyo kezgan, koʻzi va labida doimo kulgi jilvalanib turgan hayotsevar va haqiqatparvar qiyofasida tasvirlanadi.
Taʼkidlash joizki, oʻtmishda yaratilgan latifalarning barchasida ham Nasriddin Afandi obrazi uchrayvermaydi. Jumladan, IX-XIII asrlarda Abunuvvos, Talxak, Bahlul, Juho, Tufayliy, Kal, Koʻsa kabilar latifalar qahramoni sifatida faol boʻlgan. XIII asrning II yarmidan XIX asrning I yarmigacha bular safini Aldarkoʻsa, Mushfiqiy, Mirali, Mashrab, Jayroncha, Kamina va Esonpoʻlatlar toʻldirib keldi. XIX asrning II yarmidan eʼtiboran esa Xoʻja Nasriddin, yoki Nasriddin Afandi, yoxud qisqagina Afandi oʻzbek latifalarining markaziy qahramoniga aylandi.
Oʻzbek xalq latifalarida Nasriddin Afandi ezgulik va haqiqat tomonida turuvchi, har doim xalq manfaatlarini tolmay himoya qiluvchi adabiy qahramon timsolida gavdalantiriladi. U hamisha xalq yonida turib, xalq yoʻlida haqiqatni himoya qiladi. Bunda kulgi va soʻz uning asosiy vositasi boʻlib xizmat qiladi.
Nasriddin Afandi hayotda haqiqatan ham yashab oʻtganmi yoki yoʻqmi, koʻpchilikni shu savol qiziqtiradi. Lekin oʻzbek folklorshunos olimlari Nasriddin Afandi – xalq obrazini oʻzida umumlashtirgan timsol deb qaraydi. Shunday boʻlsa-da, Nasriddin Afandi obrazining tarixiy asosi – prototipi bor degan taxminlar ham mavjud.
Gʻoyatda ommaviy va hozirjavob, nozik qochirimli, mayin kinoyali, kichik kulgili hikoya boʻlgan latifalarni maxsus toʻplab oʻrganish Buxorodan boshlangan. 1223-yilda Muhammad Avfiy Buxoriy (1172/1176 –1233/1242) latifalarni yigʻib, “Javomeʼ ul-hikoyot va lavomeʼ ur-rivoyot” (Hikoyatlar toʻplami va rivoyatlar ziyosi) nomi ostida alohida kitob sifatida tartib bergan. Ehtimol, shu hodisa ham Nasriddin Afandining (latifa janrining) yurti Buxoro deb qarashga zamin yaratgandir.
Umuman aytganda, latifalarga xos hayotsevarlik xususiyati, fikrni sanʼatkorlik bilan hazilga yoʻgʻirib ifoda etish mahorati, topqirlik, zukkolik, hozirjavoblik singari qator fazilatlar alohida eʼtiborni tortadi. Bu fazilatlarni yoshlar ongiga singdirish, har tomonlama yetuk, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishda muhim vosita sifatida xizmat qila oladi. Latifalar estetik va emotsional, aqliy va axloqiy tarbiyaning muhim vositasi sifatida ayricha ahamiyatga ega. Chunki ularda turli ijtimoiy-siyosiy, axloqiy gʻoyalar betakror badiiy shaklda ifoda etilganligi bilan diqqatni tortadi. Undagi kulgi, ayniqsa, beozor va samimiy kulgi kishining ruhiyatiga yengillik bagʻishlaydi, inson koʻnglidagi gʻuborlarni tozalaydi.
Latifalar tinglovchilarning dunyoqarashini oʻstirishi bilan birga, nutq boyligini ham rivojlantiradi. Badiiy tafakkurini taraqqiy toptiradi.
Shuni inobatga olib, mana, bir necha yildan beri Buxoro shahrida Nasriddin Afandi sharafiga kulgi kuni festivali oʻtkazilishi anʼana tusini oldi. Bu festivalning nufuzi yildan-yilga oshib, qamrovi kengayib bormoqda. Festival doirasida Buxoroga xos milliy taomlar va pishiriqlar, mahalliy hunarmandlarning koʻrgazmalari, tanlovlari ham tashkil etilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, koʻhna Buxoroda yana bir sayil keng quloch yoymoqda.

