2025-yil 28-may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasida muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda boshqarmada maʼnaviy muhitni yana-da mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida yuksak maʼnaviyat va maʼrifat targ‘ibotini kuchaytirish, shuningdek, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirga Agentlik Direktori maslahatchisi — maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha masʼul shaxs To‘rayev Farhod Batirovich rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda tashkilotda davlat tilining munosib ravishda qo‘llanilishi, ish hujjatlarini yuritishda o‘zbek tilidagi meʼyorlarga amal qilinishi, xodimlarning til madaniyatini oshirish kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamoada sog‘lom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
F.To‘rayev yig‘ilish davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonida maʼnaviyat va milliy qadriyatlarning tutgan o‘rni, davlat tiliga bo‘lgan hurmatni yana-da oshirish muhimligi haqida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, u ushbu masalalarni har bir davlat organi va muassasasining ustuvor vazifasi sifatida qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.