2025-yil 13-iyun, Buxoro shahri — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutaxassisi Nuriddin Najmetdinov ishtirokida Buxoro viloyatida xususiylashtirish jarayonlarini chuqurroq tushuntirish maqsadida amaliy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda viloyatda xususiylashtirishga mas’ul idoralar vakillari, kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbir davomida yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi, mavjud normativ-huquqiy hujjatlar, murojaat qilish mexanizmlari hamda tegishli huquqiy asoslar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. N.Najmetdinov ishtirokchilarga amaliy misollar orqali yer uchastkalarini xususiylashtirish bosqichlarini tushuntirib berdi.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassisdan bevosita javob oldilar. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, tadbirkorlar va yoshlar uchun yer resurslaridan samarali foydalanish, mulk huquqini rasmiylashtirish jarayonlarini yengillashtirishga oid amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Mazkur targ‘ibot tadbiri xususiy sektor vakillari va davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholandi.