Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan.
Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti.
Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor.
Shu bois yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

