2026-yil 30-mart kuni qabul qilingan Prezidentning «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-50-son Farmoni ijro tizimidagi raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur farmon davlat aktivlarini realizatsiya qilish, ayniqsa elektron onlayn-auksionlar orqali sotish tizimiga bir qator muhim o‘zgarishlarni kiritdi.
Mazkur farmonga muvofiq, davlat aktivlarini realizatsiya qilish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirishga qaratilgan quyidagi muhim yangiliklar joriy etildi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlari asosida davlat daromadiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan:
- avtomototransport vositalari, ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ijrochisining qarori asosida bevosita Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Bu o‘zgarish avvalgi kabi bir necha bosqichli jarayonlarni qisqartirib, davlat aktivlarini elektron onlayn-auksionga chiqarishni tezlashtiradi.
Soliq qarzdorligi va muammoli kreditlar bo‘yicha yangi tartib, PF-50 farmoniga muvofiq, soliq qarzdorligi va muammoli kreditlarni undirishda mol-mulklarni realizatsiya qilishning yangi mexanizmi joriy etildi.
Unga ko‘ra:
- soliq qarzdorligi bo‘yicha mol-mulklarni xatlash va ko‘zdan kechirish — soliq organlari tomonidan;
- garov bilan ta’minlangan kreditlar bo‘yicha mol-mulklarni xatlash va rasmiylashtirish — banklar vakolatli shaxslari tomonidan amalga oshiriladi;
Bu esa aktivlarni elektron onlayn-auksionlarga chiqarish jarayonini ancha tezlashtiradi va ortiqcha vaqt yo‘qotilishining oldini oladi.
Elektron onlayn-auksionlar roli yanada kuchaytirildi.
Yangi tartibga muvofiq:
- ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulklarni sotish elektron onlayn-auksionlar orqali amalga oshiriladi;
- davlat aktivlarini realizatsiya qilish jarayonlari raqamlashtiriladi;
- mol-mulklarni sotish jarayonida inson omili kamaytiriladi;
- aktivlarni sotish muddatlari qisqartiriladi.
Bu esa elektron onlayn-auksion tizimining davlat aktivlarini realizatsiya qilishdagi asosiy mexanizmga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, hududlarda joylashgan davlat aktivlarini investorlar va tadbirkorlarga taqdim etish imkoniyatlari yanada kengayishi kutilmoqda.
PF-50 farmoni bilan kiritilgan mazkur o‘zgarishlar elektron onlayn-auksionlar tizimining samaradorligini oshirish, davlat aktivlarini tezkor va shaffof realizatsiya qilish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Buxoro viloyati vakili Yunusov Sulaymon

